TOEFL yoki IELTS: qaysi imtihon menga mos?

Iyul 28, 2023

Xalqaro ingliz tilini bilish darajasini aniqlash imtihonini topshirish haqida oʻylayotganingizda qaysi biri yaxshiroq, degan savol xayolingizga birinchi boʻlib kelishi mumkin. Va toʻqson foiz holatda bu – bevosita TOEFL va IELTS oʻrtasidagi tanlovdir. Asosli qaror qabul qilish uchun, avvalo, har bir imtihon qanday ishlashini yaxshi tushunish muhimdir, shunda yakuniy tanlovingiz shaxsiy maqsadlaringizga mos keladi.

Xalqaro miqyosda tan olinishi nuqtayi nazaridan, bu ikki imtihon bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Ikkalasi ham aksariyat taʼlim va biznes muassasalari tomonidan maʼqullanadi. Biroq shuni yodda tutish kerakki, IELTS xorijda eng keng foydalaniladigan xalqaro ingliz tili imtihoni boʻlib, 140 davlatdagi 11,500 tashkilot tomonidan tan olingan. Demak, agar maqsadlaringizdan biri dunyo boʻylab sayohat qilish orqali turli xil madaniyatlar tajribasini boshdan kechirish boʻlsa, avtomatik tarzda IELTS siz uchun maqbul tanlov boʻladi.

Agar TOEFL va IELTS imtihonidan birini tanlashdan oldin dunyoning qaysi qismiga borishni hal qilgan, muayyan bir qitʼa va mamlakatni tanlagan boʻlsangiz, bu sizga chindan yordam beradi. TOEFL boʻladimi yoki IELTS, universitet va kompaniyalar odatda sizdan qanday turdagi imtihon talab qilinishi haqida batafsil maʼlumot beradi. Ayrimlari istalgan birini topshirishga ruxsat berishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, odatda siz tanlagan muassasadan qaysi turdagi imtihonni topshirish va har biri uchun talab etiladigan minimal ballar haqidagi maʼlumotni topishingiz mumkin.

IELTS – Kembrij universiteti tarkibidagi Cambridge English tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, Birlashgan Qirollik va Yevropaning aksariyat davlatlarida eng mashhur ingliz tili imtihoni hisoblanadi. U, shuningdek, TOEFL imtihonini boshqaruvchi tashkilot – Taʼlim testlari xizmati (ETS) joylashgan mamlakat – AQSHdagi aksariyat taʼlim muassasalarida ham qabul qilinadi. Bu esa IELTS sizga oʻzingiz xohlagan har qanday yerga borish imkonini berishini anglatadi.

Bundan tashqari, qanday sababga koʻra (akademik, biznes yoki shaxsiy sabablar yuzasidan) chet elga chiqmoqchi ekaningizni ham hisobga oling. Quyida bu ikki imtihon orasidagi eng muhim farqlar keltirilgan. Toʻgʻri tanlov qilish uchun barcha mezonlarni navbati bilan koʻrib chiqishingiz, afzalliklar va kamchiliklarni taroziga solishingiz kerak. Shu sababli, nima boʻlganda ham, shoshilmang!

Qiyinlik darajasi

Ingliz tili boʻyicha qaysi imtihonni topshirish haqida oʻylayotganda, har birining qiyinchilik darajasini bilishni xohlashingiz tabiiydir, chunki bu ular orasidan eng osonini tanlash imkonini beradi.

Shunday qilib, javobi murakkab boʻlgan savol – bu: qaysi biri qiyinroq, TOEFL yoki IELTS? Ochiq aytadigan boʻlsak, bu toʻlaligicha sizning til malakangiz va bundan avval oʻzlashtirgan bilimlaringizga bogʻliq, shu sababli, bu savolning aniq javobi yoʻq. Afsuski, qaysi imtihon osonroq ekani haqidagi yagona toʻxtam hali mavjud emas.

TOEFL Shimoliy Amerikadagi organga, IELTS esa Birlashgan Qirollik va Avstraliyadagi tashkilotlarga qarashli boʻlsa-da, IELTS imtihonidagi muvaffaqiyatingiz britan talaffuzi, lugʻati yoki konteksti bilan tanish ekaningizga bogʻliq emas. Aslida esa, IELTS imtihonini chinakam xalqaro imtihon qiluvchi omillardan biri – bu unda faqat britaniya talaffuzidan emas, boshqa bir qator talaffuzlardan ham foydalanilishidir. Agar qiziqayotgan boʻlsangiz, IELTS  imtihonining Speaking section da yaxshi ball olishingiz uchun sizdan Britaniya yoki boshqa bir mamlakatning mahalliy aholisi kabi talaffuz qilish kutilmaydi.

Imtihon formati va savol turlari bilan chin maʼnoda tanishish uchun IELTS hamkorlari tomonidan potensial imtihon topshiruvchilarga bir qator resurslar, jumladan, kurslar, vebinarlar, murabbiylik ilovalari va amaliy testlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. IELTSʼga Britaniya Kengashi bilan tayyorlanishda sizga berilishi mumkin boʻlgan eng yaxshi maslahatlardan biri budir: ingliz tili bilan mumkin boʻlgan har qanday usulda shugʻullaning. Ingliz tilida oʻqing, ingliz tilida musiqa tinglang, ingliz tilida film va seriallar tomosha qiling hamda imkoni boʻlsa, ingliz tilida muntazam ravishda suhbatlashing.

Har bir ingliz tilida soʻzlashuvchi mintaqa oʻziga xos talaffuz shakllariga ega boʻlsa-da, ona tili ingliz tili boʻlganlar odatda bir-birini tushunadi. Imtihon topshiruvchi sifatida siz uchun eng muhim jihat – bu boshqalarga tushunarli talaffuz qilishingiz va boshqalarni tushuna olishingizdir.

Maqsadlar

TOEFL va IELTS orasida tanlov qilishdagi yana bir muhim jihat – bu aniq maqsadingizni hisobga olishdir. Masalan, imtihonni talaba sifatida sayohat qilish uchun topshirishingiz kerakmi, bu tilni bilish darajangizni baholash uchunmi yoki ishlash maqsadida xorijga chiqish uchunmi?

IELTS imtihonini topshirishning oʻziga xos ustunligi shundaki, siz ikki turdagi imtihondan birini tanlashingiz mumkin: IELTS Academic va IELTS General Training. Agar ingliz tilli tashkilotda ishlash yoki bakalavriat yoxud aspirantura bosqichida tahsil olish uchun xorijga ketmoqchi boʻlsangiz, siz uchun eng mosi IELTS Academic imtihonidir. IELTS General Training imtihoni esa kundalik vaziyatlardan chiqish va kundalik hayot masalalarini qanchalik hal qila olishingizni baholaydi, shu sababli, bu imtihon ingliz tilida soʻzlashiladigan mamlakatga koʻchib oʻtmoqchi boʻlgan kishilar tomonidan topshiriladi.

Biroq, ayrim hollarda, sizdan IELTS UKVI imtihonini topshirish maxsus tarzda soʻralishi mumkin. Bu Birlashgan Qirollikka vizangizni dastaklash uchun mos imtihondir va u kontent, imtihon formati va baholash mezonlari jihatidan IELTS bilan bir xil. Aslida, ular orasidagi yagona farq – natijalarning qay tarzda xabar qilinishidir. IELTS UKVI imtihonning Birlashgan Qirollik Ichki ishlar vazirligi tomonidan maʼqullangan rasmiy joyda oʻtkazilganini tasdiqlaydi. Siz uchun kerakli IELTS imtihonini tanlashda oʻzingiz ariza topshirmoqchi boʻlgan muassasa bilan oldindan maslahatlashish qattiq tavsiya qilinadi.

Oʻtkazilish usuli

TOEFL va IELTS imtihonlari qanday oʻtkazilishini taqqoslasangiz, ular orasida sezilarli farq topmaysiz. Xuddi IELTS kabi, TOEFL ham ikki xil versiyani taklif qiladi. Ikkala imtihonda ham onlayn versiya taklif etiladi – ularni oʻzingiz uchun qulay yerdan turib topshirishingiz mumkin. TOEFL Home Edition imtihoniga ega, IELTS esa yaqinda ayrim manzillarda IELTS Online imtihonini ishga tushirdi, kelgusi oylarda bu manzillar soni yanada kengayadi.

Ingliz tilini bilish darajasi

TOEFL va IELTS ballarini aniq solishtirish biroz murakkab boʻlsa-da, odatda akademik va biznes muassasalari tomonidan talab etiladigan darajalar orqali taxminiy taqqoslash darajasini aniqlash mumkin. Shuningdek, bu darajalarni Umumiy Yevropa ingliz tilini bilish malakasi (Common European Framework of Reference (CEFR)) standartlari yordamida taqqoslash mumkin. Bu xalqaro standart boʻlib, tilni bilish malakasini belgilaydi va butun dunyoda ishlatiladi.

Umuman olganda, IELTS natijalari 1 (eng past) dan 9 (eng yuqori) gacha boʻlgan shkala boʻyicha umumiy oʻrtacha ball sifatida aks ettiriladi, TOEFL natijalari esa 0 dan 120 (eng yuqori) gacha boʻlgan shkalada baholanadi. Quyidagi jadvalda ularning muvofiqlik oraliqlari koʻrsatilgan:

As the table clearly indicates, IELTS scores go right up to the C2 level (essentially native English speaker level) of CEFR, while TOEFL can only provide up to C1-level validation.

Jadvalga aniq tasvirlanganidek, IELTS ballari toʻgʻri CEFR C2 darajagacha (asosan ota tili ingliz tili boʻlgan shaxs darajasi) boradi, TOEFL esa faqat C1 darajagacha ballarni taqdim etadi. Boshqacha qilib aytganda, agar ingliz tilini bilish darajangiz ona tili ingliz tili boʻlgan kishi darajasi bilan teng boʻlsa, buni isbotlash uchun TOEFL yetarli boʻlmaydi. Bu holatda, IELTS – ochiq-oydin toʻgʻri tanlovdir.

TOEFL natijalari ham, IELTS natijalari ham ikki yil davomida amal qiladi Bu muddat oʻtganidan keyin har ikkala imtihonni ham qaytadan topshirishingiz kerak boʻladi.

Imtihon boʻlimlari

Umuman olganda, TOEFL va IELTS bir xil koʻnikmalarni, yaʼni tinglash, oʻqish, yozish va gapirish koʻnikmalarini baholaydi. Biroq, har bir imtihondagi bu boʻlim yoki qismlar ishlatiladigan vazifa turlaridagi tafovutlar sababli bir-birdan farq qilishi mumkin.

Masalan, TOEFL imtihonining “Listening” (Tinglash) moduli bir nechta variantli savollar bilan cheklangan. IELTS imtihonida esa, quyidagi turfa savol turlari ishlatilishi sababli, bu boʻlim ancha xilma-xildir: bir nechta variantli, taqqoslash, rejalash/xarita/diagrammani belgilash, shakl/qayd/jadval/oqim sxemasi/xulosani toʻldirish, gapni toʻldirish.

“Reading” (Oʻqish) boʻlimiga kelsak, TOEFL imtihonida bu boʻlimga 60 daqiqa ajratilgan boʻlib, u matndan koʻchirmalarga (uch-beshta) boʻlinadi va bir nechta variantli savollar yordamida baholanadi. Taqqoslaydigan boʻlsak, IELTS imtihonining Oʻqish boʻlimi ham 60 daqiqa davom etadi hamda ancha keng qamrovli tarzda baholanadigan matnlar toʻplamini oʻz ichiga oladi. Masalan, sizdan sarlavhalarni taxmin qilish, gaplarni toʻldirish, xulosani yakunlash, jadvallarni toʻldirish, diagrammalarni toʻldirish va boshqalar soʻralishi mumkin.

Gapirish (Nutq) mahorati

“Speaking” (Gapirish) boʻlimidagi eng ravshan farq shuki, TOEFL imtihonini topshiruvchilar savollarga javob berishda mikrofonga gapirishi lozim. IELTS imtihonida esa imtihon topshiruvchi malakali IELTS mutaxassisi bilan yakkama-yakka, ogʻzaki suhbat qiladi. Ular imtihonning bu qismini yozma test oʻtkaziladigan kunning oʻzida yoki undan oldingi/keyingi kunlarda topshirishi mumkin. IELTS Speaking boʻlimini video chaqiruv orqali yoki yuzma-yuz bajarish mumkin.

Real vaqt rejimida boshqa bir shaxs bilan yuzma-yuz suhbat qilish, shubhasiz, hayotiy jarayon boʻlib, IELTS Speaking boʻlimini interfaol qiladi va imtihon sifatida haqiqiy hayotga imkon qadar yaqinlashtiradi.

Davomiyligi

TOEFL va IELTS davomiyligini ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozim. Bu qaysi imtihonni topshirish haqida qaror chiqarish vaqtida koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan eng jiddiy jihat boʻlmasa-da, qancha vaqt sarflanishini hisobga olish muhimdir. Vaqtni oldindan aniq bilganingiz yaxshi, shunda siz imtihon markaziga kelish va ketishni aniqroq rejalashtirishingiz mumkin. Eng muhimi, shuni unutmaslik kerakki, imtihon qancha uzoq davom etsa, siz shunchalik toliqasiz, bu esa diqqatni jamlash qobiliyatingizga taʼsir qiladi. Yodda tuting, imtihon sharoitlari odatda butun vaqt davomida diqqatingizni jamlagan holda bir joyda oʻtirish va qiyin savollarga javob berish qobiliyatingizni sinaydi.

Bu ikki imtihon orasida TOEFL uzoqroq – oʻrtacha uch soat-u 30 daqiqa davom etadi. IELTS esa, qaysi turdagi imtihonni tanlashingizdan qatʼi nazar, taxminan ikki soat-u 45 daqiqa davom etadi.

Natijalar

TOEFL va IELTS natijalarini olish vaqti siz tanlagan yetkazib berish usuliga qarab farq qiladi. IELTS javoblari qogʻozda yoki kompyuterda topshiriladigan imtihonni tanlashingizga bogʻliq. Kompyuterda topshiriladigan IELTS natijalarini olish uchun uch-besh kun vaqt ketadi, qogʻozda topshiriladigan IELTS natijalarini esa odatda imtihon topshirilganidan keyin oʻn uch kun oʻtib olish mumkin. TOEFL natijlalarini pochta orqali yuborilgan sanadan boshlab yetti-oʻn kun ichida olish mumkin.

Narxi

Imtihon narxlari va mavjud toʻlov usullari odatda oʻrtacha imtihon topshiruvchi qaror qabul qilishidan oldin diqqat bilan koʻrib chiqiladi. IELTS uchun roʻyxatdan oʻtish jarayoni oson boʻlib, toʻlov onlayn yoki oflayn tarzda mahalliy valyutada amalga oshirilishi mumkin. Mamlakatingizdagi imtihon toʻlovini bu sahifada tekshirishingiz mumkin.

Maslahatlar va boshqa topshiruvchilarning tajribasi

IELTS dunyodagi eng ommabop ingliz tilini bilish darajasini aniqlash imtihoni ekanligi sizning foydangizga ishlashi mumkin. Yaʼni bu, boshqa jihatlar bilan birgalikda, imtihon jarayoni haqida maslahatlar va boshqa topshiruvchilarning tajribasi haqidagi maʼlumotlarni osonroq topishingizni taʼminlaydi.

IELTS topshiruvchilarning aksariyati, agar hammasi boʻlmasa, imtihon kuni qanday oʻtishi haqida oʻylab asabiylashadi. Boshqa odamlarning tajribasini oʻqish orqali imtihon kunida nimalarni kutish mumkinligini bilish olish har qanday stressni kamaytirish uchun qoʻl kelishi mumkin. Bu oʻzingizni ishonchingizni oshiradi va imtihon haqidagi muhim maʼlumotlarni kelajak uchun saqlashga yordam beradi. Batafsil maʼlumot olish uchun Britaniya Kengashi tomonidan berilgan IELTS test kuni uchun maslahat bilan tanishing.

IELTS imtihonining dunyo miqyosidagi obroʻsi karyera dunyosidagi martaba koʻtarilishi borasida uning shubhasiz munosib tanlov ekanini anglatadi. IELTS imtihonidan yaxshi ball olsangiz, martaba zinapoyasida yuqoriga koʻtarilishingiz ancha oson boʻladi. Bundan tashqari, agar siz magistratura yoki PhD darajasi uchun ariza topshirishga qaror qilsangiz, bu siz uchun asqatishi mumkin.

Bu taqqoslash qoʻllanmasi bilan tanishib chiqqach, bu ikki imtihonning qaysi biri kelajakdagi rejalaringizga eng mos ekani haqida qaror qabul qilishingiz mumkin. TOEFL yoki IELTS imtihonini topshirishga qaror qilganingizdan soʻng, Britaniya Kengashi veb-saytidagi IELTS narxlari va sanalar bilan tanishib chiqishni unutmang.

Izoh qoldirish